пятница, 22 марта 2013 г.

ESLASH TAQIQLANGAN FARAHBAXSH YILLAR


Odatda, men umr yo’li davomida ortiga deyarli nazar tashlamaydigan, yaxshimi yoki yomon – qanday bo’lmasin o’tgan kunlarini hatto eslamaydigan, faqat ertasini o’ylab bugunida yashaydigan insonlar toifasidanman. Ammo bugun, ayni damda  bolaligimni xotirlab, bundan 10 yil burunga – 10-11 yoshlarimga qaytgim keldi.

Bolaligim Qarshi tumanining ikki qishlog’ida – “Dasht” (“Cho’li ota” ham deyishadi. Ona tomondan) va “Shilvi” (Shayx Shibliy nomiga qo’yilgan. Ota tomondan) da o’tgan. Ayniqsa, yozgi ta’tilga chiqdik deguncha, bo’zchining mokisidek u qishloqdan bunisiga, bunisidan Qarshi shahriga ko’chib yurardik tugun-tersaklarimiz bilan. Shu sabab dadam tomonidan “ko’chmanchilar” degan “orden”ga sazovor bo’lishga ham ulgurganmiz.


“Dasht” xotiralarimdan parcha:


May oylari momomlarning hovlisiga kiraverishda askarlardek saf tortgan tub-tub qo’riqchi tut daraxtlari ta’sirida havodan tut hidi anqirdi. Ming-minglarcha gavharlar yerni o’pib, shirasiga cho’miltirib yotar, yer ham yana yuzlab oshiqlariga bag’rini ochib, ko’ksini kerib turardi. Biz kelgan zahotimiz Himolayni zabt etgan alpinistlardek, tut daraxtlarini zabt etishga kirishib ketardik. “Ko’rmaganning ko’rgani qursin” maqoli bizning o’sha holatimizga juda-juda yarashardi. Rosti-da, shaharda, boz ustiga ko’p qavatli uyda – Xudoga yaqin joyda tursak, tut ko’ribmizmi?! :)))

Tut ziyoratidan so’nggina, momo-bobo ziyoratiga o’tardik.

Hovli keng-kushot bo’lib, so’l qismidan joy olgan issiqxona limon yetishtirib berishdan, biz esa limonlarni terib sotishdan charchamas edik. Bobomning qon bosimi yuqoriligi sabab, ko’p limon iste’mol qilardilar.


Bog’ning to’g’risida (issiqxonaning orqa qismida) ulkan qozon bo’lib, yoz oylari ichiga suv solsak, birpasda isirdi. O’sha qozon bizning basseynimiz edi. Shu bilan birga, bizga qo’yilgan tuzoq ham aynan o’sha qozon bo’lgan:

Bir safar singlim ikkimiz xolamning (darvoqe, bitta xolamiz bor) jahlini shunaqangi chiqarganmizki… Azbaroyi bog’ni 5-6 aylantirib quvganlar :))) Oxiri o’sha qozonning ichiga tushib ketib, qo’lga tushib qolganmiz. Rosa kaltak yegandik o’shanda :)))

Yoz oylari oxiri, kuz oylari uzumxo’rlikka kelardik. Hovlidagi ishkomlarda nozlanib turgan “husayni”, “kishmish” lardan bahramand bo’laman deb, arilar bizdan bahramand bo’lib, yuz-ko’zlarimiz haftalab shishib yurardi :))) Bu ham yetmagandek, tog’amlarning “Semiribsanmi, Gulposh?”, “Bo’g’irsoq qiz bo’lsang, qanday yarasharkan-a?!” qabilidagi  kinoyali kulgulari ostiga qolib ketardim :)))


Erta bahorda esa hovlining tashidagi ikki tomorqani singlim ikkimiz bo’lib olib, “Kimning tomorqasida ko’p qoqigul o’sadi?” degan o’zimiz o’ylab topgan o’yinni o’ynardik. Qoqigullar ko’paygani sari, bahri dilimiz ochilardi. Bir safar bizga tegishli “zona”dagi qoqigullarni tergani uchun o’zimizdan ikkita keladigan sho’ring qurg’ur bir yo’lovchi qizni tutib olib, boplab do’pposlaganmiz :)))


O’sha eski, pastak, ammo fayzli, farishtali hovli beg’ubor bolaligimga guvoh edi. Keyinchalik hovlini butunlay buzib, o’rniga mahluqdek bahaybat imoratlar solishdi. Askarlardek tizilgan tut daraxtlaridan esa to’nkalar qoldi xolos. Endi bobom ham, momom ham yo’q. Bobom vafotidan ko’p o’tmay, issiqxona ham nobud bo’ldi. Undan to’rt nuragan devor-u, to’rtta temir-tersak hamda qaqrab yotgan yerdan bo’lak hech vaqo qolmagan ((((((:


BU FARAHBAXSH YILLARNI ESLASHNI O’Z-O’ZIMGA TAQIQLAGANMAN. ESLAB XUMORI TUTGANDA, AXIR, QAYDAN TOPAMAN?!


Shu xotiralarni yozishim barobarida, daftarga tomchilayotgan achchiq yomg’ir xuddi bolaligimni buzib tashlashganidek, satrlarni ham o’qib bo’lmas darajada yuvib ketyapti.


среда, 20 марта 2013 г.

“YAKUNIYSHUNOSLIK” FANI


Yurtimiz Oliy ta’lim maskanlari bo’ylab yilida ikki marotaba bir hafta mobaynida “Yakuniyshunoslik” fani o’tiladi. “Ko’chirmashunoslik” fani ham bu fanning tarkibiy qismi hisoblanadi. Ertasini o’ylaydigan chaqqon talabalar tomonidan bir hafta ilgari kutubxonalar talangan, toshbaqa talabalar (menga o’xshagan) esa kitobsiz qolgan keskin bir vaziyat yuzaga keladi.

Darvoqe, “Yakuniyshunoslik” fani haqida ikki og’iz: bu fan o’zida boshqa barcha fanlarni qamrab olgan bo’lib, maqsadi va vazifasi BITTA: 

TALABALARDA YOZUVCHILIKNI SHAKLLANTIRISH.
Shiori: YOZAMIZ, YOZAMIZ VA YANA-YANA YOZAMIZ.

O’zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida ham ushbu fan har yili muvaffaqiyatli yakunlanadi. “Yozxo-yoz” da bo’lajak, yosh jurnalistlar o’zlarining o’tkir va o’tmas qalamlarini namoyish etadilar. Umuman “notanish” savollarga yoki ba’zi puxta domlalar tomonidan tuzilgan “olib-qochish” ish bermaydigan konkret javob talab qiladigan savollarga yo’liqqanda ham talabalar dovdirab qolishmaydi, BALKI tizzalariga qo’ngan “najot farishtasi” dan ilhom olib yozadilar.


TIRIGIDA QADRIGA YETAYLIK


Men muhabbatni insonga qiyoslagan bo'lardim, ya'ni u inson ichidagi inson... Uning ham joni bor, u ham xuddi insonlar kabi (qalblarda) tug'iladi, yashaydi, noto'g'ri munosabat tufayli o'ladi yoki asrab avaylashimiz natijasida bizga berilgan umrchalik umr ko'radi.


O'lgandan so'ng marmardan qabrtosh o'rnatib, faryod urib, ko'klarga ko'tarib, she'rlar bitgandan ko'ra, muhabbatimizni tirigida qadriga yetaylik…

5-dekabr, 2012

QISHNING QIZIMAN


Derazamni ochib hukmron qish tabiatini kuzatar ekanman, yuzimni savalayotgan qor parchalari armonga aylangan bir paytlardagi orzularimni yodimga solib yubordi. Yodimga solsa ham, vujudim qahraton qish qahridan ham battar sovuq. Nigohlar sovuq. Munosabat sovuq. 
Go'yo qishning qiziman...
25-dekabr, 2012

HAYOTNING MOHIYATI MENING NAZDIMDA


Istaymizmi, yo'qmi, mag'lubiyatlar yuz beradi. Orzu-umidlarimiz ro'yobi uchun endigina kurashga otlangan chog'imizda tajribasizligimiz tufayli juda ko'p xatolarga yo'l qo'yamiz. Menimcha, hayotning mohiyati ham aslida shu - YETTI MARTA YIQILIB, SAKKIZ MARTA OYOQQA TURIB KETA OLISH.

Yoki polyaklar ta'biri bilan aytganda, HAYOT SENGA LIMON BERSA, UNDAN LIMONAD TAYYORLAY BILISH. 
28-dekabr, 2012

понедельник, 18 марта 2013 г.

SABRNING TAGI SARIQ CHAQA


Sabr ham har xil bo’ladi: o’rinli va o’rinsiz. Uni ham har xil tushunadilar: ba’zilar sabr-toqatga ijobiy sifat deb qarasa, boshqa birovlar esa andishaning otini qo’rqoq qo’yganidek, sabr-bardoshli insonga “o’z qadr-qimmatini bilmas” degan tamg’ani bosadi, qo’yadi.

Oilani mustahkamlash, oila rishtalarini saqlab qolish yo’lidagi va shu kabi harakatlarga sabr bilan yondashish – bu ulug’ sifat, albatta. Ammo allanimalarga erishish yo’lida yoki kimningdir xurmacha qiliqlariga nisbatan tengsiz sabr ko’rsatish – bu insonni o’sha qadrlagan narsasi, qadrlagan kishisi oldida qadrsizlantiradi va ular nazdida aqldan ozgan qilib ko’rsatadi. Boringki, bardosh kuchi bilan intilganimizga erishdik deylik. Endi aql tarozining bir pallasiga erishgan orzumizni, narigi pallasiga esa birinchi palladagiga erishguncha chekkan istiroblarimiz, uzilgan millionlab asab tolalarimiz, ba’zan uyqusiz tunlarimiz, litrlab to’kilgan ko’z yoshlarimiz, yuzimizni “bezay” boshlagan mitti ajinlarimiz, siqilishdan orttirgan bosh og’rig’imiz, yo’qolgan kulgularimiz-u, sog’lig’imiz – barchasini qo’yaylik.
Endi mingta shunday ushalgan orzumizni qo’ygan taqdirimizda ham, qarshi pallani yengillata oladimi?!

Bir nimaga erishaman deb, ba’zan umrimiz davomida erishgan, mavjud noyob narsalardan ayrilib qolishimiz hech gap emas.

Xatto sabrning ham o’z VAQTI, O’RNI hamda ME’YORI bor. Bularga amal qilinmas ekan, SABRNING TAGI SARIQ CHAQA.

суббота, 16 марта 2013 г.

QOTILLIGIM


O'ylab qarasam, shavqatsizlik bobida Dantedan qolishmas ekanman. Qanchadan qancha xiyonatkor do'stlarni, o'z hayotim uchun xavfli, zararli deb bilgan odamlarni tirigidayoq o'ldirib yubordim. Dodlayotgan qalbim ovozini o'chirib, xatto eng aziz insonimni ham ayab o'tirmadim. Qanchadan qancha gunohkor-u begunoh, aybdor-u aybsiz insonlarni turli tamg'alar bilan hayotimdan, hayollarimdan yulqib olib, qalbim qabristoniga tiriklayin ko'mib yubordim.

Bu - mening muloyimlik ortiga berkingan SHAVQATSIZLIGIM. Beozorlik to'nini kiyib olgan QOTILLIGIM.
18-yanvar, 2013

YO'QOTISH SHARTMI?!


Azizlar, sizga erkalik yo injiqlik qilayotgan insonni koyib, ko'ksidan itarishdan avval bir o'ylab ko'rganmisiz: Siz uning uchun eng yaqin inson ekansizki, erkalik-u injiqliklarini sizga ko'rsata olyapti. Qani aytingchi, kim begonaga, yoki yuragiga begona bo'lgan tanishiga injiqlik, erkalik qila oladi???

Hayotda shunday insonlar bo'ladiki, bir umr hech kimga ichki olamini, asl go'zallik, jozibasini namoyon etmaydi. Faqat sizga ochiladi bu "simsim". Atrofdagi minglab insonlar bir umr ko'ra olmaydigan olamni faqat sizgina ko'ra olasiz. Bu olamni ochishga, unda yashiringan xazinaga erishishga uringanlar orasida siz ustun keldingiz. Sizga nasib etdi bu baxt.

Nega endi baxtingizdan tonasiz?
Yo to'qlikka sho'xlikmi?
Nimanidir qiymatini bilish uchun uni, albatta, yo'qotishingiz shartmi...?!

29-yanvar, 2013

G'URUR HISSI


Mehr-muhabbatdan ko'ra kuchliroq, ustunroq bir his borki, aynan shu his bizni bir-birimizdan ayiradi, sovimagan munosabatlar orasiga shunchalik baland va qalin devor o'rnatadiki, undan qarshi tomonga na bo'ylab bo'ladi va na ortidagi haroratni his etib. Ba'zi insonlar umrbod shu devor ortida qolib ketadi.

Yillar o'tib qor-yomg'irlar ta'sirida chirigan devorni ko'rib, birdan g'ayratimiz jo'shib qoladi. O'zimizni qahramonlarcha his etib, uni kurab yiqitganimizda esa qarshimizda butkul begona (balki begonaga aylangan) dunyo, "orzu" daraxti ko'karmas yovvoyi tabiat namoyon bo'ladi. Devor ortida hali ham yoz hukmronligiga, quyosh taftiga ishonib yupin kiyingan tanamiz esa qishning sovuq haroratidan junjika boshlaydi. Hali voqeani hazm qilishga ulgurmasimizdanoq, kuchli bo'ron kelgan joyimiyga - devor ortiga uchirib yuboradi...

HA, BA'ZAN BIZ, INSONLAR "TURG'UNLIK" NISBIY EKANINI, "O'ZGARISH" QONUNIYATI HAQ EKANINI TAN OLISHNI XOHLAMAYMIZ.

Tuyg'ulardan ko'ra kuchliroq, insonlarni bir-biridan ayiradigan, mehr-muhabbat orasiga o'tib bo'lmas devor o'rnatadigan his - bu G'URUR HISSI...

BA'ZIDA G'URURNI YENGISHIMIZ, AQALLI JILOVLASHIMIZ KERAK EKAN. AKS HOLDA, UNING YEMISHIGA AYLANIB QOLAMIZ...
8-fevral, 2013

FAQAT SIZ UCHUN...


Men hozir yozmoqchi bo'lgan gaplarimni nasixat deb o'ylamang. Bu meni hayot haqidagi tushunchalarim xolos. Va ularni o'rtoqlshishni lozim topdim:

Hayot xursandchilik, xafagarchilik, ko'z yoshlar-u kulgilar kabi tuyg'ularga to'la. Har qanday vaziyatda ham KUCHLI SHAXS BO'LING...

Hayot - insonga berilgan buyuk ne'mat, buyuk imkoniyat! Bu ne'matning sizga ato etilgan ulushini shunday yashangki, bir kun ortingizga qaraganizda FAQAT QUVONING...

DOIM SO'G'-SALOMAT BO'LING! Chunki tan-joningiz sog' bo'lsagina, hayot ne'matlari tatiydi. Sog'liq - bu katta boylik, cheksiz imkoniyat. Uni asrang...

Hayot to'siqlari unga urilib, yiqilib qolish uchun emas, balki ularni yengib o'tish uchun beriladi. HECH QACHON EGILIB QOLMANG! Egilsangiz ham yiqilganni turg'izish uchun egiling...

Har qanday mashaqqatlarni, qiyinchiliklarni imkoniyatga aylantirishga harakat qiling. Polyaklarda bir maqol bor:
HAYOT SENGA LIMON BERSA,
UNDAN LIMONAD TAYYORLA.

Hayotda FAQAT OLDINGA YURING! Ortizga burilib qarang, ammo ortga bir qadam ham tashlamang. Chunki unda endi baxt yo'q...

HECH QACHON "ZERIKDIM", "ZERIKYAPMAN" DEGAN SO'ZLARNI ISHLARMANG. “Hayot” so'zini anglamaganlar, vaqtini to'g'ri taqsimlay olmaydiganlarga xos bu so'zlar...

Oldingizga biror maqsad qo'ydingizmi, bu maqsad yo'lida qarshingizdan tog' chiqsa ham, CHEKINMANG, QAT'IYATLI BO'LING! Qiyinchiliklarni aylanib o'tmang, ularni yengib o'ting...

Hech qachon "Men buni qila olmayman" demang. BU YOLG'ON... Inson ruhiyati juda-juda kuchli va u hamma narsaga qodir. "MEN BUNI QANDAY QILA OLISHIM MUMKIN" DEB O'YLANG...

Nima ishga qo'l urmang, sizni kuzatib turgan ILOH BORLIGINI HIS ETIB YASHANG. SIZ YOLG'IZ EMASSIZ...

DOIMO HARAKATDA, IZLANISHDA BO'LING! To'xtab qolgan kuningizdan boshlab orqaga qaytish boshlanadi. ASLO TO'XTAB QOLMANG...

Hech qachon o'ziz uchun yashamang. BU - xudbinlik, ma'suliyatdan qochish, qo'rqoqlik... Sizni sevgan, sizga ishongan, suyangan insonlar bor. Biror ishga qo'l urayotganingizda, o'sha insonlarni ko'z oldingizga keltiring...

HECH QACHON KO'NGILLARGA OZOR BERMANG! Ko'ngilni vayron qilish – Ka’batullohni vayron qilgan kabi. Xatto Olloh kechirmaydi to o'sha bandasi kechirmaguncha. Bundan saqlaning...

VA
DOIMO KULIB YURING! (-_-) Har qanday vaziyatdan kulib turib chiqib keting. Kulib yenging odamlarni va qiyinchiliklarni...
15-sentabr, 2012