воскресенье, 6 октября 2013 г.

KAMALAKKINAM


Kamalakni yaxshi ko’raman.Uning rang-barangligi hayotimga o’zgacha mazmun kasb etgan doim. Mening kuchim. Ilhom manbaim. Sevgim mujassam hilqat. Hayotdagi qora ranglardan holi, beg’uborim. Naqadar beg’uborlik… Ishongim kelmaydi. Shunaqasi ham bo’lar ekan-da?! Huddiki, botqoqlikda o’sadigan nilufar kabi. Ba’zi nihollar-u  gullarga qancha yaxshi sharoit yaratib bersang-da unib keta olmagan sharoitda, Kamalak shunday kuchli e’tiqodga egaki, chirkin muhitda ham asl o’zligini saqlagan holda namoyon bo’la oladi.

Shunchalar jozibadorki, qani endi tuta olsam, doim yonimda bo’lsa, istagan paytimda ko’ra olsam, to’ya olsam… Shu kabi xom-xayollarga berilib ketib, uning g’oyib bo’lganini sezmay qoladi kishi. Hafsalang pir bo’lib intilganim shu edimi deysan-u, o’sha xom-xayollar qalbingning tubiga cho’kadi.Va bu cho’kindi vaqti-vaqti bilan loyqalanib, hayotni xira pardaga o’rab oladi.

Ammo Kamalak ham uni doim aro yo’lda qoldirib ketadigan shu yomg’ir bilan, shu quyosh bilan kamalak. Garchi bevafo bo’lsa-da, ularsiz kamalak ham mavjud emas. Insonlarda ham shunday: “Odam odam bilan tirik” bo’lib, “Kuch birlikda”. Suv yuzasida qalqib turgan moy tomchisini ham o’sha ”jamiyat”dan yaxlitligicha ajratib bo’lmaydi. Suv bilan qo’shilib keta olmasa ham, u shu muhit a’zosi. Etni tirnoqdan ajratib bo’lmagani kabi hammasi bir-biriga chambarchas bog’liq.Va tabiatga hammasi birdek muhim: suv ham, moy ham, yomg’irsifat insonlar ham, kamalaklar ham, quyoshlar ham.

Kamalaksiz hayot faqat oq-qora ranglardangina iborat bo’lib qolardi. Tasavvur qilaylik, tabiatning rang-barangligi so’rib olinsa, qanday fojea… Oq-qora televizorni birpas ko’rsak, yuragimiz siqilib ketadiku, butun boshli tabiatni esa tasavvur etishga qo’rqadi kishi. Qalb ham shu kabi: hayotning go’zalligini har bir rangda his etib yashash qaydayu, aksi qayda. Hammasi bizning MUNOSABATimiz mahsuli. Inson o’z munosabatining mevasi. Yaratganning yaratuvchisi.

Yomg’ir yog’yapti... Juda uzoq yog’vordi o’zi ham. Ammo bu uzoq yomg’irdan so’ng yana kamalak chiqishiga ishonaman. Faqat o’shanga qadar Buyuk Yo’l sari shoshayotgan Vaqt aravasining oyoqlari ostida yanchilib ketmasam bo'ldi…

1 комментарий: